Bosh sahifaga qaytish

Assalomu alaykum!

Ohangaron shahar 6-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining rasmiy saytiga
xush kelibsiz!

1989-yilda Ohangaron shahrining markazida 6-sonli bolalar musiqa maktabi ochilgan. Maktabning birinchi direktori etib, Toshkent Davlat konservatoriyasini Bayan-akkardeon cholg‘usi bo‘yicha bitirgan mutaxassis- Tixnenko Viktor Grigorovich tayinlangan. Maktabda dastlab fortepiano, torli cholg‘ular (skripka), damli cholg‘ular, xalq cholg‘ulari kabi yo’nalishlar mavjud bo‘lgan.

Bolalar musiqa maktabiga turli yillarda quyidagilar rahbarlik qilgan:

1989-1996-yillar – Xatamov Obid Nuraliyevich;

1996-1998-yillar – Aynaqulov Abduqaxxor;

1998-2001-yillar – Tamara Vasileevna Golodova;

2001-2013-yillar – Berdiyev Qobil Berdiyevich;

2013-2014-yillar – Xadjanova Dilbar;

2014-2015-yillar – To‘laganov Ne’mat Jumabekovich;

2015-2017-yillar – Niyazov Ravshan Ismoilovich;

1989-yildan 2001-yilgacha maktab Piyotr Ilich Chaykovskiy Botir Zokirov nomidagi bolalar musiqa maktabi deb yuritilgan. 2001-yildan 2013 yilgacha maktab Botir Zokirov nomidagi 6-sonli bolalar musiqa maktabi deb yuritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 8-iyuldagi “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risida”gi PQ-910-sonli qaroriga muvofiq, 2011- yilda maktab binosi to‘liq qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanib, zamonaviy musiqa cholg‘ulari, ovoz kuchaytirgich, mebel va uskunalar bilan ta’minlandi.

Bolalar musiqa va san’at maktabining butun faoliyati davomida maktab o‘quvchilari nafaqat shahar, tuman, viloyat balki respublika, sobiq ittifoq miqyosidagi turli tadbirlar va tanlovlarda ishtirok etishgan.

Maktabning ba’zi bitiruvchilari hozirgi kunda musiqa va san’at soxasidagi o‘z faoliyatlarini respublikadan tashqarida - Rossiya, MDH, AQSH va Evropa davlatlarida ham olib borishmoqda. Bundan tashqari maktabning ko‘plab sobiq bitiruvchilari oliy o‘quv yurtlarini tugatib, bugungi kunda o‘zimizning maktabimizda o‘quvchilarga san’at sirlaridan saboq berib kelishmoqda.

Maktab o‘quvchilari viloyat, respublika va xalqaro miqyosida o’tkazib kelinayotgan barcha tanlovlarda hamda tadbirlarda faol qatnashib kelishmoqda. Ayniqsa xoreografiya bo‘limi o‘qituvchilari Xalqnazarova Miyrixan, Ashurova Irada va Osmanova Sivilyalar rahbarligidagi “Orzu” raqs guruhi hamda tasviriy va amaliy san’at bo‘limi o‘qituvchilari Kudiyarov Abdikayum, Kudiyarova Sanamlarning o‘quvchilari shahar, viloyat miqyosidagi barcha tadbirlarning faol ishtirokchilaridir.

So‘nggi vaqtlarda onlayn tanlovlar, shu jumladan, xalqaro miqyosdagi tanlovlar juda ommalashmoqda. Maktabimiz o’quvchilari ushbu tanlovlarda ham o‘z qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazishib, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqdalar.

Kelgusidagi ustuvor vazifalarimiz maktabdagi mavjud barcha yo’nalishlar faoliyatini yanada rivojlantirish va yangi innovatsion sifatli ta’lim berishdir.

Farzandlaringizni bizning iqtidorlilar maskanida ko‘rishdan doimo xursandmiz.

6-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi direktori

NASIROV SHUXRAT ANVAROVICH